VIVERM®

VIVERM® / ВИВЕРМ®

Xloramfenikol 7,5 mg + Metiluratsil 40 mg · tashqi qo‘llash uchun surtma

VIVERM® (Виверм®) surtmasining qutisi va tubasi, 30 g

QO‘LLASH BO‘YICHA YO‘RIQNOMA

VIVERM® surtma, 30 g

Savdo nomi

VIVERM®

Dori shakli

Tashqi qo‘llash uchun surtma.

Tarkibi

Preparatning 1 g tarkibida faol moddalar:

dioksometiltetragidropirimidin (metiluratsil) — 40 mg, xloramfenikol — 7,5 mg.

Yordamchi moddalar:

makrogol-1500 — 190,5 mg, makrogol-400 — 762 mg.

Ta’rifi

Oq rangli yoki sarg‘ish tusli oq rangli surtma.

Klinik-farmakologik guruhi

Tashqi qo‘llash uchun mo‘ljallangan, antibakterial ta’sirga ega va to‘qimalar regeneratsiyasini yaxshilovchi preparat.

Farmakoterapevtik guruhi

Dermatologiyada qo‘llaniladigan antibiotiklar va mikroblarga qarshi vositalar; tashqi qo‘llash uchun antibiotiklar; tashqi qo‘llash uchun boshqa antibiotiklar.

Farmakologik ta’siri

Mahalliy qo‘llash uchun mo‘ljallangan kombinatsiyalangan preparat. Yallig‘lanishga qarshi (suvsizlantiruvchi) va mikroblarga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Gram-musbat va gram-manfiy mikroorganizmlarga, jumladan stafilokokklar, ko‘k yiring tayoqchasi va ichak tayoqchasiga nisbatan faol.

Biologik membranalarga zarar yetkazmagan holda to‘qimalar ichiga oson kirib boradi va regeneratsiya jarayonlarini rag‘batlantiradi. Yiring va nekrotik massalar mavjud bo‘lganda ham preparatning antibakterial ta’siri saqlanib qoladi.

VIVERM® preparatini qo‘llash uchun ko‘rsatmalar

Yara jarayonining birinchi bosqichida turli joylashuvdagi infeksiyalangan yaralar, jumladan kesilgan va shilingan joylar, shuningdek aralash mikroflora bilan infeksiyalangan yaralar.

Qo‘llash usuli va dozalari

Dozalash tartibi:

Mahalliy qo‘llanadi. Steril doka salfetkalar preparat bilan shimdirilib, yara bo‘shlig‘iga zichlamasdan joylashtiriladi.

Zarur bo‘lganda, surtmani shprits yordamida kateter (drenaj naychasi) orqali yiringli bo‘shliqlarga yuborish mumkin. Bunda surtma yuborishdan oldin 35–36 °C gacha isitiladi.

Bog‘lamlar har kuni, sutkada 1 marta, yara yiringli-nekrotik massalardan to‘liq tozalanguniga qadar almashtiriladi.

Yara yuzasi katta bo‘lganda, surtmaning xloramfenikolga hisoblangan sutkalik dozasi 3 g dan oshmasligi kerak.

Davolash davomiyligi kasallikning og‘irligi va kechishiga bog‘liq.

Nojo‘ya ta’siri

Allergik reaksiyalar, jumladan terida toshmalar.

Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar

preparat tarkibiy qismlariga yuqori sezuvchanlik;
1 yoshgacha bo‘lgan bolalar (yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda xloramfenikolning biotransformatsiyasi kattalardagiga qaraganda sekinroq kechadi).

Homiladorlik va emizish davrida qo‘llanishi

Preparatni homiladorlik davrida faqat ona uchun kutilayotgan foyda homila uchun ehtimoliy xavfdan ustun bo‘lgan taqdirdagina qo‘llash mumkin.

Emizish davrida preparatni qo‘llashni yoki bolani emizishni to‘xtatish lozim.

Bolalarda qo‘llanishi

Preparatni 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qo‘llash mumkin emas.

Maxsus ko‘rsatmalar

Transport vositalari va mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’siri:

Ta’sir ko‘rsatmaydi.

Dozani oshirib yuborish

VIVERM® surtmasi bilan dozani oshirib yuborish holatlari haqida xabar berilmagan.

Boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta’siri

Preparatning boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta’siri yoki nomutanosibligi holatlari tavsiflanmagan.

Saqlash shartlari

Bolalar ololmaydigan joyda, 25 °C dan yuqori bo‘lmagan haroratda saqlansin.

Yaroqlilik muddati

3 yil.

Yaroqlilik muddati o‘tgach qo‘llanmasin.

Dorixonalardan berish tartibi

Retseptsiz beriladi.

Ishlab chiqaruvchi

«DENTAFIL PLYUS» MChJ.

Ishlab chiqaruvchining joylashgan manzili

O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Mag‘rib ko‘chasi, 1-uy.